Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda
Ру O'z En

"O'zbekgeofizika" AJ boshqaruv raisining murojaati

“O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyati raisining  

MUROJAATI

 

Hurmatli hamkasblar va hamkorlar!

 

Korrupsiya muammosi so‘nggi yillarda jahon miqyosda transmilliy jinoyat sifatida xalqaro tashkilotlar tomonidan keng muhokama qilinayotgan mavzu hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasida ham korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishda davlat va jamiyat qurilishining barcha sohalarida, shu jumladan sanoat ob’ektlarida korrupsion omillarga chek qo‘yishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda.

Ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi Qonuni, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 maydagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-5729-sonli va 2020 yil 29 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-6013-sonli Farmonlari va bir qator boshqa huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Mazkur sohada zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida “O‘zbekgeofizika” Aksiyadorlik Jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish va komplaens nazorati bo‘limi tashkil etildi. Uning asosiy vazifasi – tizimdagi korrupsiya holatlarining sabab va shart-sharoitlarini aniqlash, ularni bartaraf etishning ta’sirchan tizimini ishlab chiqish, shuningdek Jamiyatning barcha xodimlari o‘rtasida tushuntirish-profilaktik ishlarini olib borish, korrupsiya xavfi mavjud bo‘lgan hollarda uni bartaraf qilishdan iborat.

Shu bilan birga, korrupsiyaga qarshi kurashishga qaratilgan ichki me’yoriy hujjatlar va tartib-qoidalar, jumladan korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati, Odob-ahloq kodeksi, Manfaatlar to‘qnashuvini boshqarish siyosati kabi 15 dan ortiq me’yoriy hujjatlar qabul qilindi.

Jamiyatda manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish, kadrlarni tanlashda korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish, korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotiga tizimli preventiv choralarni kuchaytirish va mazkur sohadagi bilimlarni uzluksiz oshirish maqsadida ISO 37001:2016 xalqaro standarti talablari bosqichma-bosqich amaliyotga tadbiq etilmoqda.

“O‘zbekgeofizika” AJda korrupsion omillarni o‘z amaliyotida hech qanday shakl va ko‘rinishlarda qabul qilmaydi, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasizlikning shakllanishiga hissa qo‘shadi. Har doim o‘zining barcha majburiyatlarini sadoqat bilan bajaradi, qonunchilikka qat’iy amal qiladi, teng raqobat tamoyillariga va halollik, ochiqlik hamda korporativ madaniyatni qurishga alohida e’tibor beradi.

Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga murosasiz bo‘lish kundalik hayot tarzimizga aylanishi shart. Bu illatga qarshi kurashishga barcha davlat organlari, siyosiy partiyalar, jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, umuman, har bir fuqaro safarbar etilishi zarur” degan chaqirig‘i bizning hayotiy shiorimizga aylanishi lozim.

Shunday ekan, Jamiyat va uning tarkibidagi har bir rahbar va ishchi-xodimlar korrupsion holatlarni oldini olish va unga chek qo‘yish uchun mas’ul ekanliklarini anglab yetishlari zarur.

“O‘zbekgeofizika” Aksiyadorlik Jamiyati o‘z navbatida, korrupsiyaga qarshi talablar va axloqiy me’yorlarni hisobga olgan holda har doim o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarini vijdonan bajaradi va qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini kafolatlaydi.

Fursatdan foydalanib, hamkasblarimiz va hamkorlarimizni ish yuritish standartlariga hamda korrupsiyaga qarshi tamoyillarga rioya qilishga, ehtimoliy qonunbuzarliklar haqida xabar berishga va shubha tug‘ilgan taqdirda, bizga o‘z murojaatlarini yuborishga yana bir bor chorlab qolamiz.

 

Hurmat bilan,

R.Yusupjonov,

“O‘zbekgeofizika” aksiyadorlik jamiyati Boshqaruv raisi

Eski saytga o'tish
Ishonch telefoni
Qayta bog`lanish
Telegram kanali
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech