Rasmiy munosabat
Hurmatli vatandoshlar,
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “O‘zbekgeofizika” AJ “Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi” filialining faoliyati bo‘yicha salbiy xabarlar tarqatilgan.
Ushbu xabarlar asosida “O‘zbekgeofizika” AJ rahbariyati, jamiyatning Birlashgan kasaba uyushmasi va Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi tomonidan tezkorlik bilan “Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi” filialida o‘rganishlar o‘tkazildi.
Bunda, xabarlarda keltirilgan har bir holat sinchiklab ko‘rib chiqildi, ko‘rsatilgan ishchi-xodimlar bilan birma-bir muloqot qilindi. Xabarlardagi holatlar 2025 yil 2 sentabr kuni jamoa vakillari ishtirokida muhokama qilindi.
O‘rganish natijalari bo‘yicha:
birinchidan, xabarlarda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topmagan. Filial faoliyatida ko‘rsatilgan masalalarda qonunbuzilish holatlari aniqlanmagan;
ikkinchidan, xabarlarda ismi-shariflari keltirilgan ishchi-xodimlarning fikricha, ularning hech qanaqa xabarlarga aloqasi yo‘q, filial rahbariyatiga nisbatan salbiy fikr shakllantirish uchun ularning nomidan foydalanilgan;
uchinchidan, xabarlarda keltirilgan foto/video kadrlarning filial faoliyatiga aloqasi yo‘q yoki ba’zi rasmlar 8-10 yil avval olingan bo‘lib, shaxsiy fotosuratlar hisoblanadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, “Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi” filiali yurtimizning uglevodorod mineral xomashyo bazasini boyitish maqsadida o‘rnatilgan tartibda faoliyat yuritayotganini ma’lum qilamiz.
Shu o‘rinda, bir o‘xshash holatni ma’lumot tarzida qo‘shimcha qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblaymiz. Ya’ni, mazkur xabarlarda keltirilgan texnik, iqtisodiy va moliyaviy holatlar bo‘yicha filialning bir guruh ishchi-xodimlari nomidan joriy yil iyul oyida murojaat qilingan bo‘lib, uni o‘rganib chiqish natijasida, undagi fikrlar asossiz bayon etilganligi 2025 yil 2 avgust kuni filial rahbariyati va kasaba uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda tasdiqlangan. Jamiyat tomonidan har bir holat tahlil qilinib, 01-1232-sonli javob xatida batafsil ko‘rsatib berilgan.
Shuningdek, ushbu holatda ham ko‘pchilik xodimlar ushbu murojaatga imzo qo‘ymaganini tasdiqlashgan.
“Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi” filiali rahbariyati va faoliyati haqida salbiy xabarlar mehnat intizomi talablariga rioya qilishni istamayotgan bir yoki bir necha ishchi-xodimlar tomonidan tarqatilayotganligi, bu esa yangi neft-gazga istiqbolli strukturalarni va konlarni aniqlash bo‘yicha rejalashtirilgan ishlarni o‘z vaqtida bajarishga salbiy ta’sir etishi mumkinligini ma’lum qilamiz.
“O‘zbekgeofizika” AJ va uning filiallari to‘g‘risida haqqoniy ma’lumotlarni jamiyatning rasmiy veb-sayti yoki unda ko‘rsatilgan aloqa telefonlari orqali olinishi mumkin.
Shuning bilan bir qatorda, respublikamizda amaldagi qonunchilikka muvofiq tuhmat qilganlik yoki noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatganlik uchun tegishli jazo choralari belgilanganligini eslatib o‘tamiz.
“O‘zbekgeofizika” AJ Axborot xizmati



