"Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi" filialining dala partiyalariga tashrif
"O‘zbekneftgaz" AJ Bosh geologi, Geologiya departamenti boshlig‘i hamda "O‘zbekgeofizika" AJ Boshqaruv raisi "Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi"ga qarashli 3D seysmik qidiruv partiyasiga tashrif buyurdi.
Tashrif davomida bazadagi maxsus transport va geofizik uskunalrning texnik holati hamda xodimlar uchun yaratilgan mehnat va yashash sharoitlari ko‘zdan kechirilib, olib borilayotgan ishlarning sifati atroflicha o‘rganildi.
Shuningdek, loyihada pudratchi Xitoyning CNPC BGP kompaniyasi mutaxassislari bilan uchrashuv o‘tkazilib, dala seysmik ma'lumotlarining sifatini nazorat qilish masalalari muhokama qilindi.
Mutaxassislarga ishlarni belgilangan talablar asosida tashkil etish, ma'lumotlar sifatini yanada oshirish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berildi.
Barcha mas'ullarga ishlarni bajarishda qoloqlik va kamchiliklarga yo‘l qo‘ymaslik, mehnat intizomiga qat'iy rioya qilish hamda belgilangan vazifalarni sifatli va o‘z vaqtida bajarish yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berildi.
Tashrif doirasida “Yakkabog‘ geofizika ekspeditsiyasi” filiali bosh binosida barcha filiallar hamda Boshqaruv apparati mutaxassislari ishtirokida videokonferensaloqa orqali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish yakunida filial xodimlari va faxriylari ishtirokida sayyor qabul tashkil etildi. Unda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan masalalar, mavjud muammolar hamda takliflarini ochiq muloqot tarzida bildirishdi. Shuningdek, filial xodimlari va bo‘lim boshliqlari bilan alohida ochiq muloqot o‘tkazilib, ilgari surilgan qator takliflar qayd etildi.
Tadbir davomida filial bosh geologi tomonidan yangi istiqbolli geologik strukturalarni aniqlash va ularni o‘zlashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan takliflar “O‘zbekneftgaz” AJ mas’ullariga taqdim etildi.
Kunning yakuniy qismida Boshqaruv raisi filialning avtotransport xo‘jaligi hamda boshqa ishlab chiqarish bo‘linmalarining faoliyati, texnik holati va ish jarayonlari bilan yaqindan tanishdi.



