Ishchi guruhning tashrifi ikkinchi kuni: ishlab chiqarish jarayonlari joyida o‘rganildi
Ishchi guruh tashrifining ikkinchi kuni davomida hududlardagi geologiya-qidiruv va burg‘ulash ishlari holati bevosita joyiga chiqib o‘rganildi.
Dastlab, Kaprin-1 sonli quduqda olib borilayotgan ishlarning joriy holati, bajarilish bosqichlari hamda Amirobod kon geofizikasi ekspeditsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan kon geofizik tadqiqotlari ko‘zdan kechirildi. O‘rganishlar yakunida mas’ullarga ishlar samaradorligini yanada oshirish yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.
Shundan so‘ng ishchi guruh Hisor hududidagi Zaxchaota-1P parametrik qudug‘ida bo‘lib, burg‘ulash ishlari sifati, texnologik jarayonlarning borishi va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Kunning ikkinchi yarmida “Maqsad Petroleum” MChJ dala partiyasi ishlari o'rganildi. Shuningdek, Dehqonobod – Toshqo‘rg‘on blokida olib borilayotgan 3D seysmik-qidiruv ishlari bilan joyiga chiqib tanishildi.
Tashrif yakunida ishchi guruh tomonidan belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish, ish jarayonlari ustidan nazoratni kuchaytirish hamda mavjud kamchiliklarni tezkor bartaraf etish yuzasidan mas’ullarga aniq topshiriq va ko‘rsatmalar berildi.



