Neft-gaz geologiyasi va geofizika yo‘nalishida hamkorlikdagi muhim yig‘ilish
Joriy yilning 6–7 noyabr kunlari “O‘zbekgeofizika” AJda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda “O‘zbekneftgaz” AJ hamkorligida Respublikada olib borilayotgan neft va gaz geologiyasi, geofizikasi hamda quduqlarni burg‘ilash ishlari holati va rejalariga bag‘ishlangan ilmiy-texnik kengashning kengaytirilgan qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida:
sohada 2025-yil yanvar–sentyabr oylari davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi;
uglevodorod zaxiralari va resurslarini ko‘paytirish choralari muhokama qilindi;
yil yakuniga qadar kutilayotgan ko‘rsatkichlar va 2026-yilga rejalar ko'rildi.
Yig‘ilishda Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, “O‘zbekneftgaz” AJ, “O‘zbekgeofizika” AJ hamda “Neft va gaz konlari geologiyasi hamda qidiruvi instituti” DM mutaxassislari ishtirok etib, o‘z taqdimotlari orqali sohadagi dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Mazkur uchrashuv geologiya-qidiruv ishlarini takomillashtirish, resurslardan samarali foydalanish va yangi istiqbolli konlarni aniqlash yo‘lida muhim qadamlardan biri bo‘ldi.



